BUTSA.NET
Assalom-u alaykum, Mehmon!
Soat: 12:39
KirishA'zo bo'lish
Tavsiya qilamiz:
«Barselona» nima uchun «Real Madrid»ni yomon ko'radi?! ( Tarixiy faktlar asosida )
sana 6 Fevral, 14:25 korildi 616

Zamonaviy futbol olamida «El-Klassiko» atamasi shu qadar ommalashib ketgan-ki, bu futbolning ajralmas bir bo'lagiga aylanib ulgurgan. Aslida, bu ikki buyuk klubning bu qadar ziddiyatli to'qnashuvlarining sababi nimada? Bugun shu mavzu asosida tarixga kichkinagina sayohat uyushtiramiz

Kataloniya nafrati?!


Bu jamoalar o'rtasidagi ilk uchrashuv 1902 – yilda bo'lib o'tgan ekan. O'shanda «Kataloniya» (Hozirgi Barselona klubining avvalgi nomi) FC Madrid (Hozirgi Real Madridning avvalgi nomi) jamoasini 2 : 1 hisobida mag'lubiyatga uchratgan. Bu jamoalar o'rtasidagi uchrashuvlar 1938 -yilgacha ortiqcha shov-shuvsiz, sokin tarzda kechgan. Engilgan jamoa enggan jamoani olqishlab maydonni kulgancha tark etganiga ishonish qiyin bo'lsada, bu fakt. Afsuski, 1939-yilda davlat boshiga kelgan Diktator Franko futbol olamidagi abadiy qarama-qarshilikning sababchisi bo'ldi. U o'sha yilning o'zidayoq Kataloniya xalqini o'z bayrog'i va tilidan mahrum qildi. Qarshilik ko'rsatishga urunganlarni, ochiqchasiga ta'qib qilishni boshlashdi. Franko haqida tarixchilardan biri shunday yozadi : Franko Kataloniya xalqini burchakka siqib qo'ydi. Ularning huquqlarini to'liqligicha o'z qo'liga oldi va Davlat sifatida tan olmasligini bir necha bor e'lon qildi. Oqibatda qiynoq va qatliomdan cho'chigan Kataloniyaliklar uning shartlariga ko'nishga majbur bo'lishdi…

Darhaqiqat, Kataloniyaliklar ispanlarga qarshilik ko'rsatishga ojiz edilar. Diktator Franko esa ularning erlarini to'liq Ispaniyaga tegishli ekanligini bildiruvchi hujjatni imzolaydi.

Kataloniyaning ezilgan xalqi hukumatga qarshi futbol orqali javob bera boshladi. «Barselona»ning «Real Madrid» (Klub boshqaruvi Ispaniya qiroliga o'tgach, jamoa nomi o'zgartiriladi) ga qarshi uydagi uchrashuvlarida muxlislar doim Kataloniya madhiyasini baqirib, ko'zlarida jiqqa yosh bilan kuylashar, ozodlik uchun kurashgan jangchilardek butun vujudi bilan o'yinga muxlislik qilishardi. Xalqning hukumatga qarshi yagona quroli, aynan, «Barselona» edi. «El-Klassiko» vaqtida nafaqat stadion, balki, Kataloniya ko'chalari ham muxlislarning hayqirig'i bilan jumbushga kelar, xalq hamma ichida yig'ilib yotgan alam va sitamlarini aynan shunday o'yinlar orqali to'kib sochardi. futbolchilar ham kimga qarshi maydonga tushganini bilishar, (Avvalari asosan mahalliy futbolchilardan tuzilgan jamoa edi) g'alaba uchun maydonda o'limga ham tayyor turishar edi.


Transfer bozoridagi to'qnashuvlar

1950-yillarga kelib legioner atamasi futbolda keng yoyildi. O'sha yili birdaniga ikki klub Alfredo Di Stefano uchun kurashga kirishadi.


Argentinalik futbolchi avvaliga «Barselona»ni tanlaydi va hatto 3 ta o'rtoqlik uchrashuvida ham maydonga tushadi. Shartnoma tuzishga kelganda esa, futbolchi o'zgarib qoladi va «Barsa» uchun o'sha paytlari ilojsiz bo'lgan summani so'raydi. Oqibatda, janjal chiqadi va Di Stefano «qaymoqranglilar» safiga o'tib ketadi. Bu transfer ortida Qirol oilasi turgan deya taxminga borgan Kataloniya, hukumat va «Real Madrid»dan nafratlana boshlaydi. Transfer bozoridagi bunday voqealar, bir necha yillar mobaynida ko'p bor takrorlanadi…

«Real Madrid» muxlislarining raddiyasi

«Real» fanatlari ispanlar va klublari sha'niga aytilayotgan hunuk so'zlarga indamay qarab o'tirishmagani odatiy xolat. «Real Madrid» muxlislari doim bu uchrashuvni shunchaki sport, bunda hech qanday siyosiy narsa yo'qligini ko'p bor ta'kidlashlariga qaramasdan, raqib tomon muxlislari bu uchrashuvni doimo siyosiy darajaga olib chiqishlari, ularning ham g'ashlarini keltira boshlaydi. 1960-yillarda hatto ayrim jurnalistlar ikki klub muxlislarini yarashtirib qo'yish ilinjida harakatlar olib borishgan ekan. «Real Madrid» muxlislari bu g'oyani yoqlab chiqishgan, «Barsa» fanatlari keskin qarshilik bilan bu g'oyadan voz kechishgan. Raqib tomonning bu qadar tajovuzkor va shafqatsiz xati-harakatlari, tinmay ispanlarni haqorat qilishlari o'z navbatida «qaymoqranglilar» muxlislarida ham negativ hislar uyg'ota boshlaydi va abadiy nafratga ulanib ketadi…

Xulosa o'rnida…

Zamonaviy futbol olamida ko'plab derbilar mavjud. Lekin hech qaysi bahs «Real Madrid» va «Barselona» qarama-qarshiligiga teng kela olmaydi. Qariyib bir asrdan beri davom etayotgan futbolning durdona asari bo'lmish «El-Klassiko» muxlislarni yuqori sifatli futbol bilan ta'minlab kelmoqda. Bu ikki buyuk klublar futbol olamida o'z o'rni va hurmatiga ega jamoalar. Bu klublarning Er shari bo'ylab millionlab muxlislari mavjud. Balki shu sabab «El-Klassiko» boshlangan chog' Er shari ikkiga bo'linsa kerak.

Yahyoxo'ja Ulug'xo'jaev

Manba: stadion.uz


Fikrlar
Hozircha hech kim izoh qoldirmagan.
Qiziqarli faktlar
2006-yilgi Jahon Chempionatida ishtirok etgan Ukraina sharafini bir emas naq 7 nafar Andrey ismli futbolchi himoya qilgan.
Bosh sahifa
Online: 0 / 54
Foydalanuvchi qoidalari
© BUTSA.NET, 2018–2019™