Butsa.uz
KirishA'zo bo'lish
Tavsiya qilamiz:
APLning yangi yulduzi faoliyatiga nazar
. Qo‘shdi: Aman (WapUsta)
. 15 Sentyabr, 00:25 – . 172

Bu yigit «Bornmut»ni olg'a boshlashga qodirdek ko'rinmoqda. Kamtarin jamoa yangi mavsumni ancha tetik boshladi: dastlabki 2 turda «Kardiff Siti» va «Vest Xem»ni mag'lubiyatga uchratib, qimmatli 6 ochkoni qo'lga kiritdi. Ushbu g'alabali o'yinlarda hujumchi Kallum Uilson 2ta gol urdi, bitta samarali uzatma muallifiga aylandi.

Shuning barobarida raqiblarga aslo tinchlik bergani yo'q. Natijada Uilsonni hozirdan angliyalik eng istiqbolli va xavfli hujumchilar qatoriga qo'sha boshlashdi. Vaholanki, u 26 yoshda. Taxminlar nechog'li to'g'ri chiqishini vaqt ko'rsatadi, albatta.

Lekin  «Bornmut» o'yinlariga o'zgacha jilo bag'ishlayotgan yigit bilan yaqindan tanishish uchun mavsum yakunini kutish shart emas, chunki u keng omma e'tiborini o'ziga qaratishga ulgurdi.

Qo'yi divizionlardan APLga

Uilson faoliyatining boshlang'ich qismida 2010 yili Chempionshipda ishtirok etgan «Koventri» tizimida ancha uzoq qolib ketdi. Biroq aytishga arzirli o'yin amaliyotiga ega bo'lgani yo'q. Muhimi, yigitchaga murabbiy Markus Lou vaqtida yordam qo'lini cho'zdi va u chin iqtidorini saqlab qoldi.

Kallum avvaliga ijara asosida «Kettering», keyin esa «Temuort» klublarida to'p surdi. Gap Angliya futbol piramidasi 5-divizioni vakillari haqida ketmoqda. Xullas, murabbiy ilk mashg'ulotlardan ke-yinoq Uilsonni yarim himoyaning o'ng qanotidan hujumga surdi va bu ish berdi.

Lou keyinchalik o'z qarorini shunday izohlagandi: «Maydon markazida harakatlanuvchi yigitlarga har doim to'pni orqaroqda qabul qilib olishga urinishlari va uzatma uchun qulay fursat kelishini kutishlarini tayinlayman. O'yinning oxirgi daqiqalarida esa jamoa to'pni o'z jarima maydonidan imkon qadar uzoqroqda ushlab turishi shart.

Nafaqat jamoadoshlar, balki raqiblar psixologiyasini tushunish - bu futbol ta'limotining muhim jihati. Kallum shunday ta'limotga ega. Har holda, u jismoniy kuch va tezkorlikdan effekt chiqarish uchun nima qilish zarurligini tezda tushundi. Hujumda samaradorlikni oshirish uchun esa aqlni ishlatish zarur».

Kallumni qadrlamagan yoki uning iste'dodini ko'ra bilmagan «Koventri» tez orada uchinchi diviziongacha «quladi». Qahramonimiz esa jamoa safida aynan shu ligada tinmay gol urishni o'zlashtirdi - 37ta o'yinda 21ta.

Qisqasi, kechagi «noshud» yigit birdaniga o'zgarib, uchinchi divizion to'purarlari poygasida 3-o'rinni band etdi, garchi elkasi chiqib qolgani tufayli 2 oy davomida maydonga tusholmagan bo'lsada. 2014 yilga kelib, Uilson «Bornmut» safiga qo'shildi.

E'tiborli jihati, bornmutliklar uning transferi uchun Chempionship mezoni bo'yicha aytsak, juda yaxshi haq to'lashdi - 3 million funt sterling. Hujumchi shuncha xarajatga javoban birinchi mavsumdayoq jamoaning APL yo'llanmasini yutishiga katta hissa qo'shdi. Deylik, u «Bornmut» safida klub ishtirok etgan barcha turnirlarda gol urgan yagona futbolchi bo'ldi.

Aynan o'sha mavsumdan keyin mutaxassislar Kallumning atletik mahoratini maqtay boshlashdi. Markus Lou esa uning bu xususiyatiga ancha oldin e'tibor qaratgandi: «Uilson juda chidamli futbolchi, shuningdek, o'ta tezkor. Ayni shu xususiyatlari evaziga to'p uchun kurashda aslo charchamaydi.

Uning o'zigagina xos quroli ham bor - erlatib beriladigan o'tkir va kuchli zarba. Bunda to'pni yo'llashdan oldin odatda 2-3ta chalg'ituvchi aldamchi harakatni amalga oshiradi. U shu tariqa himoyachilarni o'z yo'lidan chetga suradi. Shuning barobarida har qanday pozitsiyadan to'pni to'xtatmay darvoza tomon tepishi ham mumkin».

To'g'ri, Kallum shu vaqtga qadar Premer-ligada 3 mavsum to'p surgan bo'lsada, o'rtachadan pastroq statistika qayd etdi (har birida 5-8ta gol). Lekin kamtarona natijaning salmoqli sababi yo'q emas - jarohatlar.

Jarohatlar marafoni

Kallumni o'sha «Temuort»dayoq yoqimsiz jarohatlar ta'qib ostiga olgandi - avvaliga oyog'i sindi, keyin yana bir qator ko'ngilsizliklar... Muhimi, unga «Koventri»ga qaytish qo'l keldi. Aslida-ku klubning o'zi mohiyatan futbolchining salohiyatiga uncha ishonmagan, faqat moliyaviy qi-yinchiliklar tufayli yangi hujumchi taklif etolmaganidan Kallum variantida to'xtagandi.

Shunda ham murabbiylar avvaliga unga katta umid bog'lashmadi. Bu munosabat esa irodasi mustahkam yigitga xotirjam tiklanish imkonini yaratdi. Keyinchalik jamoa Kallumni majburlikdan tarkibga qo'sha boshladi (murabbiylar shtabi ixtiyorida maydonga tushadigan boshqa hujumchi qolmagandi).

Qisqasi, Uilson taqdir taqozosiga ko'ra, faoliyatining yangi davriga qadam tashladi. Ammo hujumchi eng dahshatli ko'ngilsizliklarga «Bornmut» safiga qo'shilgach, aniqrog'i, APLda duch keldi. Deylik, 2015 yilning sentyabr oyida «Stok Siti»ga qarshi kechgan o'yinda o'ng tizzasi jiddiy lat edi - suyak sinishi.

Qisqasi, Uilson Premer-ligadagi debyut mavsumida naq yarim yilga safdan chiqdi. O'shanda jamoa muxlislari hujumchidan umid uzib, uning faoliyatiga o'zlaricha «nuqta» ham bosishgandi. Lekin Kallum bukilmas xarakteri tufayli uzoq tiklanish jarayonidan keyin safga qaytishni uddaladi.

2017 yil fevral. Uilson yana xuddi shunday jarohatga yo'liqdi. Bitta farqi shuki, bu safar o'ng emas, chap tizzasi suyagi sindi. Har ikki tizzasi (!)ning jiddiy shikastlanishidan keyin yana yuqori saviyaga ko'tarilgan futbolchini kim eslay oladi? Kallum Uilson shunday qismatni engib o'tgan futbolchini biladi - bu o'zi.

Xullas, u o'tgan yilning dekabrida og'ir jarohatdan keyin ilk marta maydonga tushdi va «Xaddersfild» darvozasiga birin-ketin 3ta gol urdi. «Bornmut»ning uy arenasi - «Din Korte» tribunalari shu kuni hayratdan dong qotdi. Bunday omadli qaytish ikki asosga ega - kuchli ruhiyat va jismoniy quvvat.

Birinchi faktor haqida Sky Sports eksperti Devid Pratton ancha oldin so'zlagandi: «Faoliyatim davomida ko'plab futbolchilar bilan birga ishlaganman, biroq bunday ochiqko'ngil va kuchli xarakterga ega yosh yigitni hech qachon uchratmagandim. Kallum chindan ham, tabiati yoqimli, xushfe'l o'yinchi.

Uning o'z ustida qanday ishlaganini to'liq ta'riflashga ojizman. Faqat pozitiv qarashlarga ega kuchli iroda sohibi! Misol uchun, Kallum yuzida hamisha samimiy tabassum barq urib turadi». Ikkinchi asos - uning atletik salohiyati. Ochig'i, nisbatan katta gavda sohibining tez-tez jarohatlanishi tushunarlidir, ammo har safar qanday qilib sifatli tiklanishi tushunarsiz... Britaniya OAVda bunday qismatni ochiq omadsizlikka yo'yishadi.

Kallumning har ikki oyog'i turli vaziyatlarda deyarli bir xil darajada singanini e'tiborga olsak, barchasi darhaqiqat, omadsizlik oqibatidir. Ammo tiklanishdan keyin jarohatining qayta bezovta qilmagani - bu aynan atletik jussasiga bog'liq bo'lsa kerak.

Kallumdan nima kutish mumkin?

Ha, Uilson dramatik taqdir oldida bosh egmagan, muxlislarga yoqadigan, gol urishni xush ko'radigan va bu ishni yaxshi uddalaydigan hujumchi. Bahordayoq uni ko'pchilik Angliya milliy jamoasida ko'rishni xohlagan va hattoki, ayrimlar shu mazmunda talab bilan chiqishgandi.

Lekin Kallum hozircha mamlakatning faqat yoshlar termasida o'ynadi, xolos «Bornmut» bosh murabbiyi Eddi Xau esa hujumchi bosh jamoadan taklif olishga munosib ekanligini bot-bot tilga olib, muhokamalarga qo'shimcha turtki bermoqda. Biroq Angliya milliy  jamoasi murabbiylar shtabi hozircha jim. Uilson ayni payt 26 yoshda va APLda 4-mavsumini boshladi. Mutaxassislarning aytishlaricha, «Bornmut» vakili uchun jiddiy sakrash vaqti keldi.

Qisqasi, Kallum samaradorlikni bir maromda ushlab, yangi saviyaga ko'tarilishi, shu asnoda qaysidir top-klubdan taklif olishi kerak. Aks holda, Angliya milliy jamoasi safidan joy olishi qiyin.

Eng asosiysi esa - jiddiy jarohatlarga qayta yo'liqmaslik. Mavsum startiga qarasak, Kallumning o'zi ham «Bornmut» darajasidan yuqorilash payti kelganini tushungan va jiddiy harakatni boshlagan ko'rinadi...

MA'LUMOT UChUN

Kallum UILSON

To'liq ism-sharifi: Kallum Eddi Grem Uilson (Callum Eddie Graham Wilson)

Tug'ilgan sanasi va manzili: 1992 yil 27 fevral (26 yosh), Koventri (Angliya)

Fuqaroligi: Angliya

Bo'yi: 180 sm., vazni: 66 kg.

Amplua bo'yicha: hujumchi

Klubi: «Bornmut»

O'yinchilik raqami: 13

Faoliyati

2009—2014 - «Koventri Siti» (Angliya), 49ta o'yin, 22ta gol

2011 - «Kettering Taun» (Ang-liya), 17ta o'yin, 1ta gol

2012 - «Temuort» (Angliya), 3ta o'yin, 1ta gol

2014—... - «Bornmut» (Angliya), 106ta o'yin, 39ta gol

2014 yili Angliya U-21 terma jamoasining 1ta o'yinida ishtirok etgan

Manba: stadion.uz

Fikrlar
Faqat sayt foydalanuvchilari fikrlarni o'qish va fikr bildirish huquqiga ega!
Bosh sahifa
Hozir saytda: 52 (6/46)
© BUTSA.UZ – 2018