Butsa.uz
KirishA'zo bo'lish
Tavsiya qilamiz:
Futbolimiz ko'chalari oydinmi?
. Qo‘shdi: Aman (WapUsta)
. 12 Oktyabr, 00:15 – . 95

Bundan 5-6 yil muqaddam yozilgan mulohazalardan birini «Maydonda qanday bo'lsa, maqolada ham shunday», deb nomlagandik. Miyangizda charx urayotgan fikrlar har doim ham qog'ozga o'ylaganingizdek tushavermaydi.

Ana, «Sevilya» va «Atletiko»ga qarshi kechgan uchrashuvlarda rosa qiynalgan «Real» endi «Alaves»ni ayab o'tirmasligi taxmin qilingandi. Yo'q, ko'pchilikning o'ylagani emas, balki maydonning aytgani bo'ldi va so'nggi daqiqada omad «Real»dan yuz o'girdi.

«Bavariya»da ham xuddi shunday holat kuzatildi. Etakchi klublarning mag'lubiyati bizga bo'ladigan telefon qo'ng'iroqlariga ham keskin salbiy ta'sir o'tkazdi. Sezildiki,  hisoblardan asablar tarang, boshlar garang. To'g'ri, «MYu» - «Nyukasl» uchrashuvidan so'ng «qizil iblislar»ning sadoqatli muxlisi Doniyorbek ham qo'ng'iroq qildi.

Lekin javob berishni lozim topmadik. Chunki u Joze Mourino masalasida fikrimizni so'rardi, albatta,. Ochig'i, keskin qarorlari bilan hurmatimizga sazovor «Benazir»ni tanqid qilsakda, uni «MYu»da uzoqroq ishlashi tarafdorimiz. «MYu» g'alabalarini sog'ingan Doniyorbek kabi qat'iyatli muxlisning bu mavzuga munosabati bizga noma'lum edi.

Xullas, bahs-munozara kelib chiqishini oldini olish maqsadida uning qo'ng'irog'ini javobsiz qoldirdik. Ishonchimiz komilki, Doniyorbek uzrxohlik ma'nosida yozilgan bu satrlarni o'qib, bizni to'g'ri tushunadi. Axir maydon va maydon tashqarisidagi ziddiyatlar, kurashlar hamisha bir-biriga uyg'un...

Mazkur xulosa ushbu mulohazalar qog'ozga tushishidan avval yana bir bora o'z isbotini topdi. Tahririyat dizayner operatori vaqt tig'izligini aytib, har qancha qistamasin, maqolani tugatishga shoshilmadik.

Shunda beixtiyor ulug' shoirimiz G'afur G'ulomning «Sher g'afurona yozilishi uchun kayfiyatim zo'r bo'lishi kerak!» degan so'zlari yodimizga tushdi va televizor «qulog'i»ni «Zo'r TV» kanaliga buradik. Qoyil! «Xushvaqt» ko'rsatuvi berilayotgan ekan. Dastur mehmoni - o'zbek san'atining tirik afsonasi Muhabbat Shamaeva!

Ummon ortida yashayotgan xonanda «O'zbekistonday yurt bu dunyoda yo'q!» deya qayta-qayta ta'kidladi. Uning so'zlari barchani ta'sirlandirdi. Ko'rsatuv boshlovchisi hattoki, yig'lab yuborishdan o'zini arang tiydi. Hammasi samimiy va ajoyib! Ko'rsatuv yakunida atoqli xonanda o'zining mashhur «Ko'chalar» qo'shig'ini kuyladi. Biz esa «Evrika!» deya pichirladik qo'limizda ruchka tutgancha...

Ha, shunday! Qo'shiq ta'sirida xayolan o'zbek futboli ko'chalarida kezdik. Qo'shiqdagi bir misrani «Rahmingiz kelmasmi muxlis holiga...», deya o'zimizcha o'zgartirdik. Maydonda qanday bo'lsa, maqolada ham shunday. Mulohazada ham birdan hammasi o'zgarib ketishi hech gap emas. Rafael Benitesga 0:2 hisobida yutqazayotgan Joze Mourino bahsning 19-daqiqasida birinchi shoh yurishini amalga oshirdi.

Ya'ni Xuan Matani zaxiradan maydonga tushirdi. Ispan yarim himoyachisi o'yinga qo'shilgach, oradan 3 daqiqa o'tib, Markus Rashford eng qulay vaziyatni ko'kka sovurdi. «Naverno on ne vinovat», dedi Jozening o'sha vaziyatdagi harakatini izohlagan rus hamkasbimiz. «Benazir»ning ikkinchi shoh yurishi - Maruan Fellayni «MYu» o'yinidagi shiddatni yanada kuchaytirdi. Uning yakuniy shoh yurishi 67-daqiqaga to'g'ri keldi va g'alaba to'pini «Nyukasl» darvozasiga Aleksis Sanches yo'lladi. Nazarimizda, murabbiyning mardlik haqidagi so'zlari boshqa futbolchilarga nisbatan «quloqsiz va o'zboshimcha» Pol Pogbani ko'proq junbushga keltirgan ko'rinadi. Balki shuning uchun ikkinchi gol frantsuzlar tandemi hisobiga yozildi.

Qarang, Joze o'sha-o'sha, ammo maydonda o'yin o'zgardi, «MYu» o'zini, qanday jamoa ekanligini esladi. G'alabani ta'minlovchi bunday o'zgarish qanday yoqimli?! Mourino, «MYu» va klub muxlislari uchun bu o'zgarish juda zarur edi.

«Qizil iblislar»ning kelgusi bahslarda muxlislar qarshisida yuzlari qizarmasligi uchun «Benazir» o'zgarishlar olovini lovillata oladimi-yo'q - buni vaqt ko'rsatadi. Har holda, cho'rtkesar Mouning ham kuldirishi, ham kuydirishiga hamma allaqachon o'rganib qoldi.

Joze Mourinoning baxti - evroarenada faoliyat yuritayotgani. Har qanday holatda ham, natijalardan qat'iy nazar, uni qadrlashadi. Faoliyati davomida portugaliyalikka o'xshashni istagan, uning kabi keskin qarorlarni futbolimizga tatbiq qilishni ko'zlagan Vadim Abramov esa afsuski, bugun o'z so'zini aytolmayapti.

O'zgarishlarning kutilmagan shamoli uning taqdirini izdan chiqarib yubordi. Demoqchimizki, maydondagi o'zgarishlar hisoblarga ta'sir ko'rsatadi, uning tashqarisidagi qarorlar esa taqdirlarga.

Ana, maydon chetidagi gap-so'zlar sabab, «Navbahor»da bosh murabbiy o'zgardi. Jamoa-ning aksariyat muxlislari oydin bilgan ko'cha aslida u qadar ravshan emasligi o'zgarishlarda o'z tasdig'ini topdi.

Garchi ko'ngildagidek natijalar qayd etilayotgan bo'lsada, «lochinlar»ning parvozi ko'zni quvontiradigan darajada maftunkor emasligi, ya'ni jamoa o'yin saviyasi bo'yicha o'rtamiyona ekanligi xususida bir necha bor yozgandik. Oxir-oqibat, zo'rma-zo'raki harakatlarning misi chiqdi. Ilhom Mo'minjonovning murabbiylik potentsiali «Navbahor»ni chemponlik sari etaklashga etmasligini nihoyat, mutasaddilar ham tan olishdi. Jamoa o'z oldiga «Metallurg» kabi maqsad qo'yganida, ehtimol, mavsum qizig'ida bu kabi o'zgarishga ehtiyoj sezilmasdi. Biroq «lochinlar» turnir jadvalining eng yuqori qismiga qadar parvoz qilishni rejalashtirishgan.

O'yin sifati rejaga muvofiq kelmasa, bunday maqsaddan nima foyda?! Xo'sh, Andrey Kanchel-skis xuddi Mauritsio Sarri «Chelsi»ni o'zgartirgani kabi jiddiy yuksalishni ta'minlashga qodirmi?! Binobarin, Habib Nurmagomedov misolida ko'rdikki, har qancha adolatli bo'lmasin, istalgan vaziyatdagi o'zgarish yaxshilikka olib kelmaydi.

Har bir ishda yoki o'zgarishda mantiq va me'yorni unutmaslik maqsadga muvofiq. Yo'q, Kanchelskisning «Navbahor»da ish boshlagani uzoq strategiya debochasiga aylanishidan umidvormiz.

Mayli, rossiyalik mutaxassisda kalondimog' Konnorni okpagonga qorishtirgan Habib kabi qat'iyat va g'olibona ruh ufurib tursin. Faqat u ham muddatidan avval shart-nomasini buzmasa bo'lgani. Biz «Navbahor»da shunday yorug' kelajakni istaymiz.

Chempionat formatini o'zgarishga oid rejalar xususida ham shunday mazmunda mulohaza bildirish mumkin. Futbolimiz muhiti chempionat formatini o'zgartirishga tayyormi? Umuman olganda, futbolimiz ko'chalari oydinmi?! Muhtaram muxlis! Yuqoridagi savollarga kelgusi maqolalarimizda javob izlashga harakat qilamiz. Sizdan esa mulohazalar kutamiz...

Muhammad VALI

Manba: stadion.uz

Fikrlar
Faqat sayt foydalanuvchilari fikrlarni o'qish va fikr bildirish huquqiga ega!
Bosh sahifa
Hozir saytda: 61 (7/54)
© BUTSA.UZ – 2018