BUTSA.UZ
KirishA'zo bo'lish
Tavsiya qilamiz:
Tomas Tuxel: «Uslubim oddiy – vaziyatga qarab ish tutamiz»
BOLIM Futbol yangiliklari
SANA 10 Noyabr, 00:20 OQILDI 29

U matbuotda aytilganidek, Yurgen Kloppning «egizagi» emas, diktatorlikdan yiroq, lekin demokrat ham deb bo'lmaydi. Uning qo'l ostidagi jamoa turli uslublarda o'ynab, har doim «g'alabali» futbol ko'rsatishi lozim.

Hozircha Chempionlar Ligasidagi muvaffaqiyat haqida gapirishga erta... «PSJ»ning yangi bosh murabbiyi Tomas Tuxel Frantsiyaning L’Equipe nashriga bergan intervyusida shu va boshqa mavzular yuzasidan fikr bildirdi.

«PARIJ - BU TAQDIR TUHFASI»

- 2018 yilning boshida «PSJ» taklif bilan chiqqanda, hayron bo'ldingizmi?

- Ha. Buning qanchalik jiddiyligini bilishga intildim, zero ular katta ehtimol bilan men haqimda etarlicha ma'lumotga ega emasdilar.

- Sizni «Bavariya» ham o'ziga chorlagandi-ku?

- Shunday, lekin myunxenliklar bilan faqat suhbatlashgandik, xolos. Konkret vazifalarga o'tganda esa kech bo'lgandi, men «PSJ» taklifiga ko'ngandim.

Nega? Hammasi oddiy: «Borussiya D»dan keyin ishlaydigan klubim mutlaqo yangicha ko'rinishda bo'lishi lozim deb hisobladim, avval xorijda faoliyat yuritmagandim - bunday imkoniyatdan foydalanib qolishim shart edi. Parij men uchun haqiqiy taqdir tuhfasi bo'ldi.

- «PSJ» taklifini qabul qilishdan avval kim bilandir maslahatlashdingizmi?

- Albatta. Jamoa ichida nimalar bo'layotgani bilan qiziqdim, chunki klub rahbariyatining menga qiziqish bildirgani biroz g'alati tuyuldi. U erdagilar barcha talablarga javob berishimni aytishganida, xursand bo'ldim.

- Liga 1 saviyasi haqida nima deysiz?

- Bu erda barcha jamoalar jismonan kuchli. Har bir klubda to'xtatish qiyin bo'lgan futbolchilar bor. Ammo Frantsiyada ko'pchilik chempionlik cho'ntagimizda ekanini aytmoqda. Germaniyada ham shunga o'xshash holatni ko'rish mumkin. «Bavariya»ning asosiy maqsadi Chempionlar Ligasi bo'lsada, ichki chempionatni muhimroq hisoblashadi.

«IKKI FRONTDA IShLADIM»

- «PSJ» bilan shartnoma imzolayotganda, klub haqida qanday tasavvurga ega edingiz?

- Hammasi yozda (2017 yil) o'zgardi: «Buni qarang! Hujumda - Neymar, Kavani va Mbappe! Ular Evropada to'p surayotgan eng kuchli hujumchilarni to'plashibdi! Ajoyib jamoa!»

- Transfer oynasi ochiqligida kimni taklif etishni klub sport direktori Antero Enrike bilan hal etdinglarmi yoki bunday boshqa ishlaringiz ham bormidi?

- «Ikki frontda» mehnat qildim. Ammo «PSJ»dek jamoadagi selektsiya oson ish emas, nafaqat iqtidorli, balki kuchli xarakterga ega futbolchilarni topish kerak. Shundagina jamoa uni qabul qiladi. Selektsiyadan tashqari, yozda yumushlarim ko'payib ketdi: yangi sharoitga moslashish, til o'rganish, futbolchilar bilan tanishish...

«BOR E'TIBORNI EChLGA QARATISh ShARTMAS»

- Parijda hamma Chempionlar Ligasidagi g'alaba haqida gapir-yapti. Jamoa shunga qodirmi?

- Shu mavsumning o'zidami?

- Ha.

- Nima bo'lishini hech kim bilmaydi... Agar jamoadagi ichki muhit yaxshi bo'lsa, har kuni astoydil ishlasak, muhim o'yinlarda g'alaba qozonamiz. Hozir esa bor e'tiborni Chempionlar Ligasiga qaratish shart emas.

- O'tgan yili «PSJ»ga EChLda nima etmadi, deb o'ylaysiz?

- Umuman, hamma narsa etarli edi. Bu mening shaxsiy fikrim, axir jamoa ichida qanday holat hukm surganini bilmayman-ku. Ayniqsa, «Real» bilan o'yinda futbolchilar o'zlariga ishonmagandek tasavvur uyg'otishdi.

«O'YINChILAR BILAN FRANTsUZ TILIDA GAPLAShAMAN»

- Neymar, Buffon, Kavani va Mbappelarga katta umid bog'lagansiz. Umuman, yulduzlar jamoada alohida o'rin tutishlari mumkinmi?

- Muhimi - jamoa. Shubhasiz.

- Demak, «PSJ» ahil jamoa sifatida shakllansa, Chempionlar Ligasida g'alaba qozonish mumkin?

- (Kuladi) Yana EChL haqida gapir-yapsiz. Ha, albatta, Chempionlar Ligasi g'olibligini qo'lga kiritish uchun futbolchilar muayyan daraja, mentalitetga ega bo'lishlari lozim. O'ylashimcha, jamoamizda «Oltin to'p»ga munosiblar bor. Boshqa tomondan, futbolchi klubdan ustun turmaydi. Aynan klub kimning o'zini qanday tutishi kerakligini belgilaydi.

- Kiyinish xonasida ham frantsuzcha gaplashasizmi?

- Imkon qadar shunga intilaman. Ba'zan inglizcha qo'shaman, tushunishadi degan umiddaman. Bu erda har bir murabbiy frantsuzcha gapirishi kerak - ham shaxsiy obro'si, ham klubga bo'lgan hurmati uchun. Yigitlar o'zaro portugal, ingliz, nemis tillarida gaplashishlari mumkin, ammo men ularga hamisha frantsuzchada murojaat etaman.

- Joriy mavsum EChLda kim favorit? «Liverpul»mi?

- Boshqa jamoalar ham bor. Imkoniyat juda yaqin turgan bo'lishi mumkin, uni o'z vaqtida ko'rib, boy bermaslik kerak. Qolaversa, etarli tajribaga ega bo'lish ham lozim. «PSJ»ga aynan shu tajriba etishmayapti.

Jamoadagi mentalitetni o'zgartirish darkor. Albatta, bu erda ajoyib futbolchilar to'planishgan, ularning saviyasi «Borussiya»dagilarnikidan yuqoriroq. Ammo EChLda avvalroq ushbu turnirda g'olib chiqqan klublarga qarshi o'ynashga to'g'ri keladi. Biz esa g'alaba sari bosqichma-bosqich intilyapmiz.

«BIRGINA SXEMAGA BOG'LANIB QOLMASLIK KERAK»

- Qanday futbolni ma'qul ko'rasiz?

- Muhimi, futbol g'alabali bo'lsin. Menga hamisha Lui Van Galning «Ayaks»i, Karlo Anchelottining «Milan»i, Arsen Vengerning «Arsenal»i juda yoqqan. O'yinchilik davrimda TV orqali uchrashuvlarni ko'rardim, bu jamoalar to'p bilan ko'p muomala qilishdan tashqari, juda ko'plab golga tortadigan vaziyatlarni yaratishardi.

Shuningdek, ular oddiygina himoyalanmay, buni hujumkor uslubda amalga oshirishardi. Bu borada Gvardiolaning «Barselona»si deyarli ideal holatda edi.

- Dortmundda jamoangiz pressingni oldinroqdan boshlardi. «PSJ» ham xuddi shunday o'ynaydimi?

- Ha, agar uddasidan chiqsak... Hammasi futbolchilar, ularning imkoniyatiga bog'liq. Maydondagi har bir o'yinchi futbolni chin dildan o'ynashi lozim, aks holda urinishlarimiz foyda bermaydi. Shu bois, menimcha, murabbiyning birinchi qiladigan ishi - futbolchilarga to'g'ri baho berib, ularni tushunish kerak. Shunga monand o'yin sxemasini tuzish mumkin.

- Sizningcha, «PSJ»ning hozirgi futbolchilariga siz taklif qilayotgan uslub ma'qulmi? Axir bunga qadar ular boshqacharoq tarzda to'p surishgan.

- Asosiy vaqtimiz raqib tomonda o'tayotgan ekan, demak himoyalanishni ham oldinroqdan boshlash kerak. G'oyaga ko'ra, to'p yo'qotilgach, jamoa 3-4-7 soniya pressing ishlatib, to'pni qaytarib olishi lozim.

Raqib qarshi hujum uyushtirish, bo'sh hududlarni ochishga ulgurmasligi darkor. «PSJ» futbolchilari to'pga egalik qilishni yoqtirishadi, biroq zamonaviy futbolda har bir jihatni inobatga olish muhim. Birgina sxemaga bog'lanib qolish yaramaydi. Vaziyat va raqibga qarab o'ynash kerak.

«JAMOA - MISOLI ORKESTR»

- Frantsiya termasini Rossiyada o'tgan JChda o'ta yopiq futbol namoyish etganlikda ayblashdi. Sizning bu boradagi fikringiz...

- Bu qisqa muddat davom etadigan muhim turnir. Menimcha, har bir raqib finalga chiqish imkoniyatiga ega bo'lgan musobaqada bunday uslub qo'llash mantiqan to'g'ri. Dide Deshamni juda hurmat qilaman. U jamoasi qanday vaziyatda g'alaba qozonishi mumkinligini yaxshi biladi.

- Futbolchilar bilan taktika xususida ko'p gaplashasizmi?

- Boshqachasiga mumkinmas, axir futbol to'laligicha taktikadan tashkil topgan. Uzatmani amalga oshirgandan so'ng bir necha metr oldinga siljish - bu endi taktika hisoblanadi... Raqib o'yinlari yozilgan videoyozuvlarni ko'rib, himoyaviy yoki hujumkor taktika tanlash bo'yicha bir to'xtamga kelamiz.

Uch-to'rt kun oralig'ida o'yin o'tkazadigan bo'lsak, futbolchilarga mash-g'ulotlarda katta yuklama bermaymiz, ular ekran qarshisida o'tirishadi. Ko'p emas, 10-15 daqiqa. O'yin paytida esa jamoa xuddi orkestrdek bo'lishi lozim. Ularning «taronasi» bir maromda eshitilishi, hech kim xatoga yo'l qo'ymasligi maqsadga muvofiq.

«FUTBOLChILAR BILAN DO'STONA ALOQA O'RNATISh TARAFDORIMAN»

- Karlo Anchelotti L~Equipe nash-riga bergan intervyusida futbolchilar taktika masalasida u so'rayotgan narsalarning 30 foizini eslab qolishsa, bundan xursand bo'lishini aytgandi.

- 30 biroz kam... Tatikani oz-ozdan, bosqichma-bosqich tushuntirish, imkon qadar konkretlikka urg'ush berish kerak. O'z navbatida, futbolchilar fikri bilan qiziqish muhim. Yo'q, bizning o'yinchilar tushuntirayotgan narsalarimizning 30 foizdan ko'prog'ini eslab qolishadi.

- Parijga kelishdan avval diktator-murabbiydek ko'rinardingiz. Bu erda esa ochiqko'ngil, ko'p kuladigan, og'ir-bosiq bo'lib qoldingiz. Aslida qandaysiz?

- Shu ikkisining o'rtasidaman. Futbolchilar bilan aloqa o'rnatmasdan turib natija kutish befoyda. «Maynts» va «Borussiya»da ajoyib muhit hukm surardi, ammo ba'zan jiddiy choralar ko'rishga to'g'ri kelardi. Umuman, men o'yinchilar bilan do'stona aloqa o'rnatish tarafdoriman. Mashg'ulot jarayonida esa muayyan qattiqqo'llik ziyon qilmaydi.

«KLUBNI ALMAShTIRIShGA ShOShILMANG!»

- «Borussiya»da Yurgen Klopp-ning o'rnini egallaganingizda, sizlarni «egizak» deb atashgandi. Haqiqatan ham o'xshashliklar bormi?

- Bunday deb o'ylamayman. Biz ko'rishib turamiz, do'stona aloqalarimiz bor. Yurgen ajoyib shaxs, tabiatan etakchi. Ammo futboldagi qarashlarimiz mutlaqo o'zgacha. «Maynts» yoshlar jamoasiga kelganimda, u aynan o'sha erdan «Borussiya»ga o'tgandi. Shunday ekan, uning qanday ishlaganini ko'rmaganman.

Biroq odamlar bizni ko'p solishtirishadi. Qandaydir o'xshashlikni topishsa, bizning bir xil ekanligimizni yanada ko'proq ta'kidlashadi. Aslida bunday emas.

- Lekin xuddi Klopp singari siz ham asosiy e'tiborni yoshlarga qaratasiz.

- Navqiron futbolchilarga imkon berayotgan bo'lsam, bunga alohida munosabatning aloqasi yo'q. O'sha o'yinchiga: «Mana sening vazifang, shu hududni yopishing kerak, mana bu joydan hujum uyushtirasan. Hammasini bajarasan. Qanday yoshda ekanliging menga qiziq emas», deyman. U 17 yoshdami yoki 35mi, ahamiyatsiz.

Ha, biz yoshlarga ishonishimiz lozim. Aks holda, ular qanday qilib tajriba to'plashadi? Ammo o'z navbatida, ularning yonida tajribali futbolchilar bo'lmasa, jamoa vazifani uddalay olmaydi. Saviyasi yuqori jamoalar, shu jumladan «PSJ»da ham yoshlarni kashf etish osonmas.

Qo'yiladigan talablar katta, chunki sheriklari - yulduzlar. Qolaversa, motivatsiya ham yuqori. Ularga maslahatim shunday: «Agar «PSJ»da o'yiningiz qovushsa, har qanday jamoada shu yo'sin davom ettira olasiz. Demak, boshqa klub qidirishni o'ylamay, bizning safimizda o'ynashga intiling». 

Manba: stadion.uz

Fikrlar
Faqat sayt foydalanuvchilari fikrlarni o'qish va fikr bildirish huquqiga ega!
Bosh sahifa
Online: 49 (6/43)
© BUTSA.UZ – 2018