Butsa.uz
KirishA'zo bo'lish
Umid Ahmadjonov: «O'zbekiston futbol assotsiatsiyasi do'stlikka chorlovchi loyihalarni qo'llab quvvatlashda davom etadi»
. Qo‘shdi: Aman (WapUsta)
. 14 Iyun, 01:50 – . 32

Xalqaro futbol assotsiatsiyalari federatsiyasi (FIFA) Rossiyaning “Gazprom” kompaniyasi bilan hamkorlikda “Futbol do'stlik uchun” ijtimoiy loyihasining 6-mavsumiga start berilgani va 9 iyun kuni Moskvadagi “Spartak” klubi akademiyasi maydonida mazkur loyihaning ochilish marosimi bo'lib o'tgani haqida xabar berilgandi.

Bu yil ijtimoiy loyihada dunyoning 211 ta mamlakatidan 1500 nafarga yaqin bolalar, milliy assotsiatsiya delegatlari va jurnalistlar ishtirok etishmoqda.

O'zbekistondan mazkur loyihada yosh darvozabon Muslim Abdumannopov va yosh jurnalist Mardon Marupov ishtirok etyapti. Kecha kun davomida loyihaning final bosqichi bo'lib o'tdi. Bugun, 14 iyun kuni esa barcha mamlakat a'zolari ishtirokida “Moskvarium” saroyida katta forum bo'lib o'tdi.

Tadbirni “Gazprom” kompaniyasi direktorlar kengashi raisi Viktor Zubkov ochib berdi. Shundan keyin Ispaniya terma jamoasi va Madridning “Real” klubi sobiq posboni Iker Kasilyas so'zga chiqdi. U o'z nutqida loyihaning ahamiyati, futbol orqali do'stlar orttirish va birlashish muhimligini ta'kidladi.


Forum davomida musobaqa g'oliblari, turli nominatsiyalarda eng yaxshi yosh futbolchilar va eng yaxshi yosh jurnalistlar taqdirlandi. G'oliblarga sovg'alarni Rossiya terma jamoasining eng yaxshi o'yinchilaridan biri hisoblangan Aleksandr Kerjakov va boshqa sport yulduzlari topshirishdi. Tadbir yakunida turli shou-dasturlar o'tkazildi va qo'shiqlar kuylandi.

Ushbu loyihaning asosiy maqsadi – butun dunyodagi yosh avlod o'rtasida do'stlik, tinchlik, turli millat va madaniyat vakillariga hurmat kabi yuksak insoniy tushunchalarni targ'ib qilishdan iborat.

O'zbekiston futbol assotsiatsiyasi ham bu kabi loyihalarni hamisha qo'llab-quvvatlashga va ularda faol ishtirok etishga tayyor.

“Futbol do'stlik uchun” loyihasi butun dunyodagi bolalarni futbol atrofida do'stlashishga undagan ajoyib loyiha hisoblanadi. O'zbekiston vakillari mazkur loyihada ikkinchi bor qatnashishiga qaramay, ancha faol tarzda tadbirlarda ishtirok etishdi. O'zbekiston futbol assotsiatsisi bundan keyin ham do'stlikka, birdamlikka chorlovchi, sog'lom turmush tarzini targ'ib qiluvchi, futbolni ommalashishiga, o'zaro hurmatni oshishiga olib keluvchi loyihalarni qo'llab-quvvatlashda davom etadi” , - deydi O'zbekiston futbol assotsiatsiyasi birinchi vitse-prezidenti Umid Ahmadjonov.


Fikrlar
Faqat sayt foydalanuvchilari fikrlarni o'qish va fikr bildirish huquqiga ega!
Bosh sahifa
Hozir saytda: 72 (7/65)
© BUTSA.UZ – 2018